Yagona haqiqat degan narsa bormi?

4 AVGUST 2026 · 2 DAQIQA

Yagona haqiqat degan narsa bormi yoki har kimning o‘z haqiqati bo‘ladimi?

Esimni taniganimdan beri ustozlarimdan, ota-onamdan olgan tarbiyam shuki, garchi buni so‘zma-so‘z aytishmagan bo‘lsa ham, umumiy manzara bir narsani anglatardi: haqiqatning yuzi bitta bo‘ladi. Qaysi tomondan qaramang, qanchalik uzoq tortishmang, oxir-oqibat xulosa bitta joyga, bitta haqiqatga kelib taqaladi.

Hozir esa mana bunday qarash urf bo‘lgan. Yerga 6 raqamini chizib qo‘yishadi-da, bir tomondan qaragan odam uni 6 deydi, ikkinchi tomondan qaragan odam esa 9 deydi. Keyin shuni misol qilib, haqiqat degan narsa odamning qayerda turganiga bog‘liq, deyishadi.

Masalan, ko‘pchilik O‘tkan kunlardagi Zaynab masalasini ham shunday talqin qiladi. Ya'ni Zaynab aybdor emas, uni shu darajaga olib kelishgan, deyishadi. Mening pozitsiyam esa boshqacha. Har qanday holatda ham odam o‘ldirish – jinoyat.

Agar bunaqa qarashlarga haddan tashqari yo‘l ochib berilsa, juda ko‘p narsa mavhum bo‘lib qoladi.

Masalan, bir yigit boy oilada tug‘ildi. Hech qanday qiyinchilik ko‘rmadi. Otasi pul bilan uning baholarini yopib berdi, maktabni ham amallab tugatdi. Mashina olib berdi. Haydovchilik guvohnomasini ham darslarga qatnashmasdan, pul bilan oldi. Qoidalarni o‘rganmadi. Keyin mashina haydab ketayotib, bir odamni urib yubordi va u odam vafot etdi.

Xo‘sh, aybdor kim?

Boy oilami?

Pul bilan baho qo‘ygan maktabmi?

Darsga kelmagan bo‘lsa ham sertifikat bergan avtomaktabmi?

Pul olib, haydovchilik guvohnomasini bergan tizimmi?

Yoki rul ortida o‘tirgan bolaning o‘zimi?

Bu yerda hamma narsaning ta'siri bor, bunga qo‘shilaman. Lekin haqiqat o‘zgarmaydi. Odamni urib yuborgan kim bo‘lsa, birinchi navbatda javobgarlik ham o‘shaning zimmasida bo‘ladi.

To‘g‘ri, bu misol hamma vaziyatga tushavermaydi. Hayot bundan ancha murakkab. Lekin masalaga juda keng qarab yuborsak, oxiri hamma haq, hamma aybsiz bo‘lib qoladi.

Mening pozitsiyam esa haligacha o‘sha-o‘sha.

Haqiqat doim bitta bo‘ladi.

Masalaga har tomondan qarash kerak, albatta. Lekin xulosada «bu ham o‘zicha haq, u ham o‘zicha haq» degan gap bilan hamma narsani yopib ketib bo‘lmaydi. Biror yomon ish sodir bo‘ldimi, demak, u yerda aybdor ham, javobgar ham bir taraf bo‘ladi.

"Qars ikki qo‘ldan chiqadi" degan gap esa eng katta uydirma bunday holatlar uchun.

Kimdir bunga ko‘proq, kimdir kamroq hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin. Lekin bu hamma o‘zicha haq degani emas.

Siz nima deb o‘ylaysiz?

P.S. Shu masalani kim bilandir rosa bahs qilgim kelyapti. To‘g‘rirog‘i, otam bilan gaplashgim kelyapti.

Doim shunaqa qiyin savollar ustida bosh qotirganimda, shunday go‘zal misollar keltiradiki, ayrim xulosalarga otasiz kelib bo‘lmaydi, deb o‘ylab qolaman.

Kimda qanaqa, bilmadim-u, lekin otam men uchun ma'naviy va ruhiy masalalarda eng buyuk maslahatchi, sirdosh va yo‘lboshchi. Har qancha bahslashmaylik, oxir-oqibat men baribir uning aytgan yo‘lidan yuraman. Chunki shu paytgacha u kishining birorta maslahatidan zarar ko‘rmaganman.

Shunaqa otam borligidan faxrlanaman.

@Muhammadali_kundaligi

#haqiqat#javobgarlik#ota

Yana o'qish mumkin