Feministlar yana qimirlab qopti...mi?
1 AVGUST 2026 · 3 DAQIQA
Ular qimirlab, men gapirib zerikmadim-ey...
Nima emish, dinda ham, O‘zbekistonda ham ayollarning jamiyatdagi o‘rni teng emasmish, na O‘zbekiston, na Islom ularga erkaklar bilan teng muomala qilmagan ekan, birga-bir o‘tirib hisoblashmagan ekan. Nimayam deymiz, to‘ppa-to‘g‘ri. Xuddi shunday bo‘lgan, hozir ham xuddi shunday.
Kelinglar, eng boshidan boshlaymiz. Bularning birinchi topadigan gapi payg‘ambarimizning «ayolning aqli noqis» degan iqtibosi bo‘ladi doim, «kak budto» yerga urgan deyishadi. Hayit bayrami edi, adashmasam, ayollarning oldiga boradi payg‘ambar, ularni alohida tabriklash uchun. Islom bizga mezon ekan (chunki bu gapni gapirayotganlarning ko‘pi musulmon) Payg‘ambardan axloqli odam yo‘q musulmon uchun. Qaysi farosat bilan bayram tabrigida odam kimnidir kamsitishi mumkin? Kamiga, u odamning har bir gapi vahiy (ilohiy ilhom) bo‘lsa.
Aslida esa, u yerda payg‘ambarning aytgan gapi mazmuni shuki: «Siz ayollar hissiyotlaringizga nisbatan aqllaringiz noqis bo‘laturib, erkaklarni aqlda mag‘lub qilasizlar», deyilgan. Endi farosati bor odamga savol, bu shunda maqtovmi yoki kamsitishmi?
Ikkinchidan, Qur'onning taxminan 5 foiz qismini ayollarga oid sura band qiladi. Asosan, ayolning oiladagi o‘rni hamda uning huquqlari haqida gap ketgan. Islomni bular asosan majburiy va yosh turmush bilan qoralashadi. Bu mavzuga kirsak, ehe, gap tugamaydi.
Huquqdan gaplashadigan bo‘lsak, eng boshida, ya'ni nikohda ayol «baxshida qildim» yoki shu mazmundagi aniq rozilik gapini nikoh o‘qiyotgan odam va guvohlar eshitmagunicha, bu nikoh – nikoh bo‘lmaydi. Ayol cheklanmagan miqdorda mahr olish huquqiga ega. Alloh buni nasabi, moli, dini yoki ilmiga qarab tabaqalashtirmagan.
Nikohdan keyin ham er uning nafaqasi, turar joyi, kiyimi, sog‘lig‘i va boshqa har qanday zaruratini zimmasiga olishga majbur. Ayol esa o‘zi ishlab topgan puliga o‘zi egalik qiladi. Hatto o‘z xarajatlari uchun ishlatmasdan, faqat to‘plasa yoki ota-onasiga berib, eriga esa «mening xarajatlarim sening bo‘yningda», deyish huquqiga ega.
O‘zbekistonga kelsak, birorta erkakka nisbatan ta'limda shartsiz imtiyoz belgilanmagan. Imtiyoz uchun u qaysidir ixtisoslashgan maktabda o‘qigan bo‘lishi, armiyaga borib, bir yil xizmat qilib, tavsiyanoma olishi va bir qancha shartli talablarni bajarishi kerak.
Ayollarimizga-chi? Xotin-qizlar kvotasi asosida grantda o‘qish uchun shunchaki bitta tavsiyanoma yetarli. Bunda ular faqat o‘z tengdoshlari bilan kurashadi. Ta'lim krediti ular uchun foizsiz, magistratura bepul, IHMAda esa alohida ayollar daftari bor. Bundan tashqari, erkaklarga beriladigan barcha imtiyozlarda ham ayollarning teng o‘rni bor.
E'tiborli jihati esa, birorta erkak chiqib: «Nima uchun bunday, ularga nega imtiyoz ko‘p?» degani yo‘q hali. Buni aytish ham erkak kishiga uyat.
Endi savol-da shu feministlarga: nima yetmayapti sizlarga, muammo nimada, qayerdan buncha alam, nima xohlayapsizlar? Ko‘rdik, yuqorida huquqlar teng emas ekan, lekin kartina sizlar aytgandek emas, butunlay boshqacha bo‘lib chiqyapti-ku. Endi nima qilamiz?
Javobini-ku o‘zim bilaman, o‘zlari ham ko‘p hollarda nima xohlayotganini, qaysi g‘oya va mafkura ortidan ergashayotganini bilishmaydi.
Bu tuzum egalari 15 yil oldin xuddi shunday jirkanch g‘oya bilan minglab insonlarimizni, xususan, ayollarimizni Suriyada qul qilishdi, o‘ldirishdi, so‘yishdi, sotishdi. Sotishgandayam tirik holda emas, organlarini sotishdi. Shunday bo‘lsa ham, «Mehr» operatsiyasi orqali bir qanchasi qaytarib olib kelindi, shukr.
Buni aytayotganimning sababi esa, yuqoridagi g‘oya bilan feminizm g‘oyasining ildizi bitta. Feministman deb yurgan qizlarimiz esa ularning oddiy piyoda askari desam, kattalashtirgan bo‘laman, qullari, xolos (g‘oyaviy qullari ya'ni, jismonan gapirmadim).
Ko‘zingizni ochinglar, biz bunaqa ko‘ringanga ergashib ketadigan jamiyat emas edik oldin, hozir ham unaqa emasmiz. Safni buzmanglar.
Jamiyatimizdagi bu tizimni bilib yoki bilmay targ‘ib qilayotganlarga esa gapim boshqacha. Yoshligimizdan eshitgan gap bo‘lardi. Odam orqa miyasi bilan bir joyga yiqilsa, o‘ziga kelgan payti qayerdan kelayotgani, nimaga ketayotganini unutib qo‘yarkan.
Balki sizlarda ham shunday muammodir. Shunaqa bo‘lgan taqdirda ham alanglab, tentirab, bosh oqqan tomonga yuraverish shart emas. So‘ranglar atrofdan yo‘lni. Lekin qayerga ketayotganingizni emas. Qaytish yo‘lini, uyga boradigan yo‘lni so‘ranglar. Qayerdan kelayotganingizni eslanglar, orqaga qaranglar, surishtiringlar. Qayerdan kelganingizni topsangiz, to‘g‘ri yo‘l ham esingizga tushadi.
Va'da bergansizlar-ku, axir...
@Muhammadali_kundaligi