Despot va social limit
2 AVGUST 2026 · 3 DAQIQA
"Tartibga solish qiyin bo‘ldi..."
"Despot"? "Social limit"?
Yaqinda bir odam deymi, bir inson deymi, birov deymi, xullas, gaplashib qoldim. Nimadir haqida gap ketayotganidi, "social limit" degan atamani ishlatdi. O‘sha paytiyoq ichimda qandaydir norozilik paydo bo‘ldiyu, davom ettirmadim. Sababi, intuitiv ravishda nimadir yoqmayotgan bo‘lsa ham, nimagaligini tushunmasidim. Yoki tushungan bo‘lsamam, tartiblab aytib berolmasidim.
Bundan ancha yillar oldin ham bir tanishim ham "despot" degan atamani ishlatganidi.
Aslida bunaqa atamalarni o‘ylab topish, uni falsafada, psixologiyada va umuman ilmda ishlatish yaxshi amaliyot. Matn qisqaradi, tushunish osonlashadi, tahlil qilish yengillashadi. Tizimli fikrlashga ham yordam beradi. Lekin shu narsani kundalik hayotga olib kirish qanchalik to‘g‘ri deb, anchadan beri o‘ylardim.
Haligi odam aytkanidi: "Men oldin bilmasidim, o‘zimda falon-falon holatlar bo‘lardi, nimaga ekan deb o‘ylardim. Keyin bir o‘rtog‘im shu so‘zni ishlatganidan keyin tushundimki, bu social limit ekan."
Aslida, e'tiborli jihati ham shu yerda.
Bunaqa atamalar g‘oliban vaziyatga xulosa berib qo‘yadi. Bir tanishim "despot" deganida ham, qanchalik yaqin bo‘lmaylik, mening xatti-harakatimga nisbatan xulosani shu bitta so‘z bilan berib qo‘yganidi.
Vaziyat tushunarliroq bo‘lishi uchun, voqeani boshidan aytaman.
Bizni uyda tarbiya shunaqa bo‘lgan. Kechki ovqat bo‘lsin, nonushta bo‘lsin, onam kerak bo‘lsa hammani uyg‘otib bo‘lsa ham, dasturxon atrofiga yig‘ardi. Otam ham bunga juda jiddiy qarardi. Dasturxon atrofida hamma yig‘ilishi shartdek edi. Biz shunaqa muhitda katta bo‘lganmiz.
Keyinroq tushunganmizki, buning ortida oilaning birligi, hamjihatligi, ota-ona bilan farzandning suhbati, dasturxon odobini ko‘rib o‘rganish mohiyatlari bor ekan.
Bir necha yil oldin kvartirada yashab yurganimizda, kechki ovqatni tayyorlab, dasturxonga tortdim. Haligi tanishim esa boshqa xonada telefon o‘ynab o‘tirgan ekan. Bir-ikki marta chaqirdim, chiqmadi. Keyin qattiqroq gapirganidim, hafa bo‘ldi, jahli chiqdi va: "Bilasanmi, ba'zan shunaqa despotliging tutib qoladi", dedi.
O‘shanda ham bu gap menga yoqmaganidi. Lekin sababini tushunmagandim. Shu paytdan beri o‘ylayman.
Bizga ota-onamiz, ustozlarimiz tarbiya bergan bo‘lsa, eng yaxshi maktab bo‘lgan bo‘lsa, nega bunaqa atamalar bizga erish tuyuladi? Bu bilimsizlikdanmi yoki buning tagida boshqa gap bormi?
Qaysidir ma'noda tushungandekman. Balki xatodir, bu shunchaki mulohaza.
Oilada "taloq" degan tushuncha bor. Nikohni tugatadigan, kerak bo‘lsa, qayta tiklab bo‘lmaydigan joygacha olib boradigan tushuncha.
Lekin odamlarda boshlang‘ich diniy taa'lim kamaygani hisobiga, bu tushunchaning talqini ham o‘zgarib ketgan.
Er-xotin urushadi, er "taloqsan" deydi, tamom. Aslida esa biz buni ilmda "taloq" lafzi bilan o‘rgansak ham, mohiyat o‘sha lafzning o‘zida emas. Uni holati bor, vaziyati bor, shu nuqtagacha qanday kelib qolingani bor.
Er "ketaver, senga ruxsat" desa ham taloq tushadi. Unda nega "taloqsan" deyilganda tushadi? Chunki u yerda maqsad bor. Niyat bor. Mohiyat bor. Boshqa so‘z ishlatilganida ham, agar shu maqsad ko‘zlangan bo‘lsa, tushaveradi taloq.
Ya'ni, menimcha, mohiyat muhim.
Siz biror narsaga atama berayotganingizda, ma'lum ma'noda unga xulosa ham berib qo‘yasiz. "Taloqsan" deganizda, o‘zizga ham, ayolizga ham mulohaza qilish mumkin bo‘lgan juda ko‘p eshiklarni yopib qo‘yasiz.
Holbuki, gaplashish, muhokama qilish, tahlil qilish mumkin edi. Balki to‘qson to‘qqizta eshik yopilgandir, lekin bitta eshik ochiq qolardi.
Yuqoridagi holatlarda ham boshida aytkanimdek, atamalarni ishlatarkansiz, bu sizga xulosa berib qo‘yadi, tahlil, mulohaza eshigini yopib qo‘yadi. Mohiyatini o‘rganib, har qanday holatni tahlil qilsak, biz bergan atamadagi xulosadan boshqa narsa kelib chiqadi g‘oliban.
Mavzuni asosi bo‘lgan "despot" yoki "social limit" atamasini ishlatganlar ham, sal ko‘proq o‘ylaganlarida xulosa aslida umuman boshqa bo‘lib chiqqan bo‘lardi ko‘p ehtimol bilan.
Bu atamani qayerdadir o‘qish yoki eshitish, va ma'lum vaziyatni shu atama orqali izohlash, bu – aqlni qiyin vazifaga qarshi himoyasi xolos aslida. Insonni aqli juda dangasa, o‘ylashga majbur qilmasak, bizga eng yuzaki va oddiy xulosani beraveradi.
@Muhammadali_kundaligi