Ustoz oldida
25 DEKABR 2025 · 1 DAQIQA
Universitetda birinchi semestr darslari tugadi. Nima o'rgandim, nima xato qildim, o'zimni taftish qilyabman. O'qish davomida ochig'i universitet, tizim, ta'lim va o'qituvchilarni tanqid qilib vaqtim o'tipti.
Bir narsani payqadim. Men to'rt yoshimdan ustoz ko'rishni boshlaganman. Eng birinchi ustozlarim otam, onam, ammam va boshqalar bo'lishgan. Quyida yoddan ustoz oldida qilmaslik kerak bo'lgan ishlarni yozaman:
Salom bermaslik;
ovozni ko‘tarib gapirish;
gapini bo‘lish;
bahslashish;
norizo ohangda gapirish;
buyruq ohangida gapirish;
mensimaslik;
masxara yoki kinoya qilish;
ustozni tuzatishga urinish;
telefon o'ynash;
e'tiborsiz o‘tirish;
kulish;
yonidagilar bilan gaplashish;
ruxsatsiz gap boshlash;
ruxsatsiz chiqib ketish;
kechikib kelib uzr so‘ramaslik;
ustozni ismi bilan chaqirish;
sovuq muomala qilish;
ustoz oldida o‘zini ustun tutish;
ustozni joyiga o'tirish...
Bu ro'yxat aslida tugamaydi, lekin qisqa qilish mumkin: istalgan, ota-ona yoki boshqa birorta odamni oldida qilmasligingiz kerak bo'lgan ishlarni birortasini ham ustozni oldida qilmaslik kerak.
To'g'ri, ba'zi yuqorida aytilganlarini buzdim, lekin eng katta xatoyim, "ustozdan nima o'rganarkanman bugun" degan pozitsiyada emas, "qani bugun nima o'rgatarkin" degan pozitsiyada o'tkazvoribman 420 soatni.
Xatoni qayeridan qaytsayam foyda deyishadi, nasib Alloh qodir qilsa, keyingi semestrlarda har bir ustozni hurmatini o'z joyiga qo'yamiz va o'z o'rnida barcha hurmatsizlik qilgan ustozlarimga uzrimni aytaman.
Hurmatli talabalar, ustozni hurmat qiling, ikki baho oling, yiqiling imtixondan, lekin hurmatini joyiga qo'ying, baraka topasiz.