"Ochisleniya"mi yoki akademik ta'tilmi?
4 AVGUST 2026 · 4 DAQIQA
Qariyb bir yil oldin, 14-avgust kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishiga grant asosida qabul qilingandim. Aslida, boshida o‘qish niyatim ham yo‘q edi. Xususiy sektordagi ishdan biroz zerikkanim, netvorking yetishmagani va shunchaki o‘zimni sinab ko‘rish uchun hujjat topshirgandim.
O‘qish boshlanganidan keyin esa darslarga qatnashdim. Talabalik davrim yodimga tushdi. Ko‘p narsani solishtirdim, tizimni tanqid qildim, bahslashdim, tortishdim. Xullas, hammasi qizg‘in boshlandi. Eng muhimi, bugungi oliy ta'lim tizimini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.
Baxtimga, kafedram ham, dekanatim ham juda yaxshi insonlardan iborat ekan. Hammasi samimiy, bilimli, yordam berishga tayyor odamlar bo‘lib chiqishdi. Ayniqsa, zamdekanlarimni alohida aytib o‘tishim kerak. Kafedradagilar esa hech qanday mubolag‘asiz menga ustoz bo‘lishdi.
Universitetning ham yutuqlari, ham kamchiliklari ko‘p. Kamchiliklar haqida kanalimda ancha yozganman. Bugun esa topganlarim haqida gapirmoqchiman.
Birinchidan, bir necha yildan beri reja qilib kelayotgan kichik hamjamiyat loyihamni startap, MVP darajasiga olib chiqa oldim. Bunda universitetning hissasi katta bo‘ldi. G‘oya, ko‘mak va resurslar borasida yordam berishdi. Muammolar ko‘p, kamchiliklar ham yetarli, lekin eng muhimi, birinchi qadam qo‘yildi.
Shu bir yil davomida yana bir qancha ishlarga ham qo‘l urdim:
– kafedram bilan klub tashkil qildik va hozir unda qariyb 500 kishi bor;
– talabalar va rahbariyat o‘rtasidagi muloqot uchun ilova ishlab chiqdim. Saylovlar va grantlarni qayta taqsimlashdagi kitobxonlik testi ham HEMIS bilan integratsiya qilingan holda aynan shu platformada o‘tkazildi;
– universitetning faxriy professorlari, dotsentlari va rahbariyatiga bag‘ishlangan devoriy stendlarni tayyorladim;
– tir otish musobaqasida birinchi o‘rinni oldim;
– vazirlik matbuot kotiblari, vazir maslahatchilari bilan tanishdim, suhbatlashdim va loyihalarimni ularga taqdim qildim;
– universitet uchun turniket tizimini ishlab chiqdim va undan hozir ham foydalanilmoqda;
– LMS, ya'ni masofaviy ta'lim platformasini yaratdim va sentyabrdan undan rasmiy foydalanish rejalashtirilgan;
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasida amaliyot o‘tadim va juda katta tajriba orttirdim, ishga joylashib qolish imkoniyatini ham yaratib berishdi.
Bularning birortasini ham pul yoki rag‘bat kutib qilmaganman. Lekin meni quruq qo‘yishmadi. Stipendiya, rag‘batlantirish va ish haqlarini hisoblaganda, taxminan 30 million so‘mdan ortiq mablag‘ bo‘ladi. Balki bu bir yil uchun kamdir. Lekin orttirgan tajribam, tanishlarim, ustozlarim va akalarim bilan solishtirganda, men bundan ming marta ko‘proq foyda oldim.
Men universitetdan qarzdor bo‘lishim mumkin, lekin universitet mendan qarzdor emas.
Hamma odamning rektor va prorektorlar haqidagi qarashlari har xil. Men esa ulardan o‘zim uchun faqat yaxshilik ko‘rdim. Kamchiliklari bor, albatta. Lekin menga qilgan yaxshiliklarini inkor qila olmayman.
Rektor bilan loyihalarim orqali tanishdim. Bir prorektor bilan tortishib tanishgan bo‘lsak ham, keyinchalik meni ishga olish haqida buyruq chiqardi. Yana bir prorektor loyihalarimni qo‘llab-quvvatladi va zarur resurslarni taqdim etdi. Yana biri esa LinkedIn orqali o‘zi bog‘landi.
Mayda tafsilotlargacha to‘xtalayotganimning sababi bor. Men ilgari O‘zbekistonda talaba bo‘lmaganman, lekin talabalar bilan ko‘p ishlaganman. Shu bois ayta olamanki, ko‘plab universitetlarda talabalar na rektor, na prorektor bilan bir marta yuzma-yuz gaplashmasdan o‘qishni bitirib ketadi. Menimcha, bu universitetning eng katta ustunliklaridan biri ham mana shunda.
Grantni qayta taqsimlash imtihonida ham 100 balldan 99,8 ball oldim. Natijalar hali e'lon qilinmagan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan grantni saqlab qolsam kerak.
Aslida, bularning hammasini bir yillik hisobot sifatida yozib qo‘yishni istadim. Chunki oldinda yana bir muhim qaror turibdi: universitetdan yo "ochisleniya", yo akademik ta'til olishni rejalashtiryabman.
Jamoam bilan startap ustida ishlashda davom etyapmiz. Bir nechta venchur fondlarga ariza topshirdik. Shuningdek, President Tech Award tanlovida ham qatnashyapmiz. Natija qanday bo‘lishidan qat'i nazar, loyiha davom etadi. Tanlovlar esa shunchaki uch yillik rejalarni bir yarim yoki ikki baravar tezlashtirib berishi mumkin, xolos.
Aslida esa mening asosiy rejam boshqa.
Men sayohatni yaxshi ko‘radigan odamman. Bir joyda uzoq qolib ketishni yoqtirmayman. Hatto uyimda ham ko‘p yashamaganman. Ikki yoshimdan boshlab safarlarda bo‘lganmiz. Besh yoshdan o‘n uch yoshgacha bo‘lgan davrda ota-onamdan uzoqda ulg‘ayganman. O‘ylab qarasam, faqat o‘n to‘rt yoshdan o‘n yetti yoshgacha uyda yashagan ekanman. O‘n yetti yoshimda chet elga chiqdim, qaytganimdan keyin esa Toshkentga keldim. Qarabsizki, to‘rt yil ham o‘tib ketibdi.
Kelajakda ota-onam va oilam bilan yashash uchun aynan shu shaharni tanlaganman. Lekin ungacha kamida bir yil, balki undan ham ko‘proq muddatga chet elga chiqib kelmoqchiman. Loyihalarimni ham masofadan turib boshqarishni rejalashtiryapman.
Buning yagona sharti esa uylanish.
Rejaga ko‘ra, shu kuzda uylanaman. Nasib qilsa, bahorning birinchi kunini boshqa bir mamlakatda kutib olaman.
Ps. Odatda rejalarimni bunaqa ochiq aytmayman. Ularni yozib ham qo‘ymayman. Natijada ularning mas'uliyati ham bo‘lmaydi. Bu safar esa ataylab yozdim. Shunchaki reja bo‘lib qolib ketmasin dedim, ijtimoiy mas'uliyat bo‘lsin uchun.
Aslida, bu unchalik ham xom reja emas. Vaziyat taqozosi bilan, bo‘lishi kerak bo‘lgan ish.
Shuning uchun bu yerda yozib qoldirishga qaror qildim.
@Muhammadali_kundaligi