Urf-odatlarimizni unutmaylik!

23 FEVRAL 2025 · 1 DAQIQA

Bugun tasodifan Gruziya va Turkiya to‘ylari haqidagi videolarni ko‘rib qoldim. Mening maqsadim ularning diniy to‘g‘riligi yoki noto‘g‘riligini muhokama qilish emas. Har qanday urf-odatni shariatga moslab o‘tkazish mumkin. E’tiborimni tortgan narsa esa shuki, bu xalqlar tinimsiz siyosiy va harbiy mojarolar ichida yashayotgan bo‘lsa ham, o‘z milliy urf-odatlari, kiyim-kechaklari va madaniyatini asrab-avaylab kelmoqda.

Bizda esa aksincha — milliy qadriyatlarni saqlash emas, balki faqat G‘arbga yoki boshqa kuch markazlariga moslash tendensiyasi kuchaymoqda. “Amerika — zo‘r, Rossiya — akamiz” degan qarashlar ongimizni egallab borayotgan bir paytda, o‘zimiz kim ekanligimizni unutib qo‘ymayapmizmi?

Madaniyat, urf-odat — bu bizning milliy o‘zligimiz. Uni birinchi navbatda o‘zimiz his qilmasak, boshqalarga qanday ko‘rsata olamiz? Agar o‘zligimizdan uyaladigan bo‘lsak, istalgan boshqa millatga ergashishimiz mumkin, lekin bitta sharti bor: o‘sha millatga mansubligingizni ochiq ayting, o‘zbek ekanligingizni emas.

Yana bir achinarli va shu bilan birga, diqqatga sazovor jihat: bugungi kunda hattoki nikohning mustahkamligi ham urf-odatlarimizga bog‘liq bo‘lib qolyapti. Demak, bu juda muhim masala va unga beparvo bo‘lmasligimiz kerak.

Shunday ekan, hech bo‘lmasa bitta qadriyatimizni, unutilib ketayotgan urf-odatimizni qayta tiklashga harakat qilaylik!

Siz bilgan qaysi urf-odatlar yo‘qolib ketayapti? Fikrlaringizni kommentda qoldiring, birga jonlantiramiz!

#urf-odat#milliy o'zlik#madaniyat

Yana o'qish mumkin