Doim ham keskinlik foydali qarorlarga olib kelmaydi
21 AVGUST 2026 · 2 DAQIQA
Ishda, o‘qishda, oilada, birinchi zarbadayoq “ketaman” deyish odatda insonni o‘ziga zarar keltiradi.
Man shu paytgacha kamida beshta joydan shunaqa ilk tushunmovchilikdagi keskinlik sabab ketganman va birortasi menga foyda keltirmagan.
Ayniqsa yangi joy, yangi muhit bo‘ladigan bo‘lsa, bunday tushunmovchilik ehtimoli balandroq bo‘ladi, moslashish qiyinlashadi. Eski muhit va sharoitga taqqoslash bo‘ladi va odatda, yangi muhitdan norozi kayfiyatda bo‘lsa, plyus taraflari bilan taqqoslaydi.
2025-yil o‘qishni boshlaganimda, universitetim haqida kamida kuniga bir marta bitta minusini yozadigan kayfiyatda edim. Yozdim ham ko‘pini, yozganim foyda ham berdi. Ichimda borini chiqarib turganim uchun biroz yengillab turdim.
Daraxt ko‘chatini misol qilib olsak bo‘ladi. Uni unib-o‘sgan joyidan boshqa joyga olib borib ekadigan bo‘lsak, boshida uning barglari so‘ladi, tanasi quriydi, kuchsizlanadi, yangi joyga moslashgunicha. Aslida esa adaptatsiya jarayonida bo‘ladi.
Agar biz uni moslasha olmadi deb yangi joyga ko‘chirsak, uni yangi joyga moslashishga kuchi qolmagan bo‘ladi va katta ehtimol bilan quriydi.
O‘qishimda ham shunday edi. Karyeramda networking kamayib ketgani uchun o‘qishga kirgan edim. Uni minuslariga qarab tashlab ketganimda, bu menga kamida yana bir yilga tushardi. Birinchidan, u davr ichida yana qanchalik tik oyoqda turaman, buni bilmasdim, ikkinchidan, keyingisida bundanam chidamsiz va kuchsizroq holatda bo‘lardim.
Shunda solishtirdim: menga hozir mana shu minuslar bor, lekin maqsadimga yaqinmanmi-yo‘qmi, ozgina bo‘lsa ham? Man izlab kelgan narsani topsam, bu minuslarga ko‘z yumishimga arziydimi o‘zi, deb. Va sabr qildim.
Yakunda qarasam, u minuslar hamma joyda bo‘lib, aslida umuman diqqatga arzimas ekan. Men bular uchun dekanlarim, zamdekanlarim, prorektorlarimgacha bahslashib chiqqanim uchun uyaldim, to‘g‘risi.
Natijada esa, izlaganimdan, kutganimdan yaxshirog‘ini topdim. Avvalo, yillar davomida topmagan networkingimni shu bir yil ichida topdim va bu meni kutilmam edi. Lekin uzoq paytlardan reja qilib kelinayotgan loyihamga start berishim va uni raqamli startapga aylantirishim xayolimning bir chekkasiga ham kelmagan edi.
PS: Men, keskinlik, ko‘ngilsizlik va tushunmovchilik paytida sabrsizligim va tez reaksiya bildirishim bilan tanilganman. Doim shunday bo‘lganman, desak ham bo‘ladi. Lekin birinchi istisnoda shuncha foyda oldim.
To‘g‘ri, yoqmagan joyda turish kerak emas. Men shunchaki, shoshmaslik kerak, deyapman. Qolishga kuch topilmayotgan bo‘lsa, solishtirib ko‘rish kerak. Yaxshi va yomon taraflarini. Yomon tarafi aynan ko‘zlagan maqsadingizga nomutanosib bo‘lsa, ketish kerak. Yo‘q, agar maqsadga yetish mumkin bo‘lsa-yu, bular halal beruvchi omil bo‘lsa, sabr qilish kerak.
@Muhammadali_kundaligi