Tanlovlar
16 IYUL 2026 · 4 DAQIQA
Shu kunlarda miyani to‘liq, turbo rejimda ishlatishga to‘g‘ri kelyapti. Ko‘p narsani birdan va hamma narsani, judayam kichkina detallarni ham tub mohiyatini tushunishga harakat qilyabman.
Shulardan biri – tanlovlar. Aslida o‘ylayotgan narsalarim ko‘p, lekin qarasam, hozircha yoza oladiganim shu ekan. Bizni kundalik hayotimiz, umumi emas, aynan kundalik hayotimiz tanlovlardan iborat bo‘ladi. Inson shu tanlovlardagi muqobil variantlar va rang-baranglik borligi uchun ham hayotdan zerikib qolmasdan yashaydi. Inson asli zerikishga moyil bo‘lgani uchun, doimiy yengil hayotidan ham zerikkani uchun atay qiyin tanlov ham qiladi.
Avval, bu tanlovlar inson hayotida qay darajada muhim ekanligiga to‘xtalmoqchiman. Biz qazoi-qadarga Allohni hamma narsani bilguvchi sifati sababli iymon keltirsak-da, tanlov o‘z qo‘limizda va biz aslida shu tanlovlarimiz uchun javobgarmiz. Masalan, qishloq joydaman, masjid ham, cherkov ham yo‘q, lekin ibodat qilish uchun cherkovni tanlasam, musulmon sifatida javobgar bo‘lishim uchun shu tanlovning o‘zi yetarli, aynan borishim shart emas.
Biz hayotimizdagi eng katta tanlovni dinimizni tayin qilishdan boshlaymiz, hayot yo‘limiz, kasbimiz haqida tanlovlar qilamiz. Tanlovlarimiz, hattoki ertalab qilgan nonushtadagi ovqatimiz ham bizni kelajagimizni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin. To‘g‘ri, taqdir haq. Lekin, bu – Alloh bilgani uchun haq, biz shuni qilishga yozib qo‘yilgani va majburligimiz uchun emas.
Tanlovlar ta'sir doirasiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi. Bundan buyon kontekstda buni qarorlar deb ishlatamiz. Biz qarorlarni ta'sir doirasidan kelib chiqib yengil yoki murakkab tarzda qabul qilamiz. Yengil qarorlar odatda ovqat, ichimlik, kiyim va shu kabi insonning moddiy ehtiyojlariga oid bo‘ladi. Ular umumiy olib qaralganda insonning ma'naviy hayotiga katta ta'sir qilmaydi. Ya'ni, yakka ajratib olganda, tushlikda fast food tanlashimiz bizga judayam katta ziyon keltirmaydi. Muntazam ravishda fast food yeyishimiz zararli, lekin bu bitta qarorimiz emas, odatlarimiz natijasi bo‘ladi.
Og‘ir qarorlarda esa vaziyat biroz boshqacha. Bizni ko‘pincha chalg‘itadigan, aldaydigan, adashtiradigan ikki omil bor. Biz qarorlarni intuitiv (oltinchi his bilan) yoki tahliliy tarzda qabul qilamiz.
Bular judayam oddiy. Tahliliy tarzda qaror qilganimizda biz tajriba, ko‘nikma, bilim, malaka va qobiliyatlarimizni ishga solamiz.
Intuitsiya (xalq tilida oltinchi his) – bir holat yoki vaziyatga nisbatan ongsiz ravishda miyaning tahliliy jarayoni va xulosasi bo‘ladi. Ya'ni, intuitsiyani tahliliy qarorlardan asosiy farqi shuki, tahliliy qarorlar asosan unikal vaziyatlar uchun qilinadi, intuitiv qarorlar esa machine learning'ga o‘xshaydi. Bu narsa judayam ko‘p tajribadan o‘tgan, miya bazasidagi minglab oldingi tahliliy qarorlarni hisobga olib, chuqur tahlilga muhtoj bo‘lmagan holatlarga nisbatan miyaning ortiqcha yuklamadan himoya qilish tizimi sifatida ishlaydi.
Bu yerda e'tiborli jihati shuki, bunday intuitiv qarorlar bizni aqlimiz, bilimimiz, ko‘nikmamiz va salohiyatimiz yetadigan moddiy hayotimizga aloqador holatlarda ishlaydi. Chunki miya faqat tajribasi bor narsani intuitiv tahlil qila oladi. Bizni ruhiyatimiz va oxiratimizga oid masalalar esa bu doiradan tashqarida. Oxirat haqida tajribamiz ham, kuzatuvimiz ham yo‘q. Biz bu haqdagi haqiqatga aql yoki tajriba bilan emas, faqat vahiy orqali yeta olamiz.
Shuning uchun yuqoridagi ma'nodagi intuitsiyani ma'naviy qarorlarga tatbiq qilib bo‘lmaydi. Masjid yoki cherkovni tanlashni intuitsiya bilan tanlamaymiz. Chunki bu qalb va e'tiqodga oid tanlov hisoblanadi.
Unda bunday qarorlar ustida xuddi intuitsiyaga o‘xshab birdan kelib qoladigan mayl yoki qaror nima?
Asosiy nuqta shu yerda.
Menimcha, bu endi intuitsiya emas. Bu ichimizdagi shayton, nafs yoki farishtaning turtkisi natijasi bo‘ladi. Inson hayoti davomida eng ko‘p qaysi biriga ergashsa, vaqt o‘tishi bilan o‘shanisi kuchli bo‘lib boraveradi.
Bularni nafs va shayton yoki farishta turtkisi ekanligini aniqlashning ikkita yo‘li bor.
Birinchisi eng osoni va mukammali – din bunga nima deydi? Ya'ni, Qur'on va Sunnat nima deydi? Agar qaror Islom ta'limotiga zid bo‘lmasa, bu farishtaviy turtki bo‘lishi mumkin, zid bo‘lsa shaytoniy bo‘ladi.
Ikkinchi holatda esa insonning diniy bilimi yetmayotgan bo‘ladi. Bunday vaziyatda avval Qur'on va Sunnatga murojaat qiladi, fiqhga qaraydi, ilm ahlidan so‘raydi, maslahat qiladi, istixora qiladi. Agar shulardan keyin ham ikkilanish qolsa, g‘oliban nafs xohlayotgan tomondan ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki shayton doim insonning bilimsizligidan foydalanishga harakat qiladi va g‘oliban aynan noto‘g‘ri qarorni chiroyliroq, osonroq yoki foydaliroq qilib ko‘rsatadi. Shu narsa bizga ba'zida intuitsiyadek tuyuladi.
Qisqasi, qaroringiz faqat dunyo va moddiyatga aloqador bo‘lsa, intuitsiya sizga katta yordam berishi mumkin. Lekin qaroringiz oxirat, e'tiqod va ma'naviyatga oid bo‘lsa, u yerda yakuniy mezon intuitsiya emas.
Bu yerda uzil-kesil gap shuki, yagona mezon – Islom. Chunki oxiratga oid haqiqatni tajriba bilan ham, aql bilan ham to‘liq anglab bo‘lmaydi, u faqat vahiy bilan bilinadi. Shunchaki kimdir buni haqiqatini anglaydi, kimdir esa haqiqatiga yetolmaydi. Farq faqat shu.
Ps. Bu Thinking Fast and Slow kitobidan ko‘chirma emas)
Bu to‘ldirish nima uchunligini kitobni o‘qiganlar tushunadi.