Haqiqatan ham o'z yo'lingizdamisiz?

24 MART 2025 · 2 DAQIQA

O‘zingizga savol bering: Haqiqatan ham o‘z yo‘lingizdamisiz?

16 yoshimda yuz bergan bir voqeadan keyin beixtiyor ta’lim sohasini tanlashim kerakligini tushungandim. O‘sha kundan boshlab, qaysi ishni sevib, chin dildan, hatto tekin bo‘lsa ham bajargan bo‘lsam, u albatta ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘quv markazining qabul bo‘limida ishladim, texnik ishlarini qildim, hatto vazifamdan ortiqcha ishlarni qilishga harakat qildim. Bunga hech kim majburlamagan – shunchaki buni qilishdan zavq olganman.

Aksincha, qaysi ishda mas’uliyatsizlik qilgan bo‘lsam, oxiriga yetkaza olmagan bo‘lsam – bu soha meniki emasligini ko‘rsatgan. Hatto moddiy sabablar bilan majbur bo‘lib bajargan bo‘lsam ham, natija baribir yaxshi chiqmagan.

Yana bir odatim bor: atrofimga jamoa yig‘ishni yaxshi ko‘raman. Odamlarni tanlayman, ularning yonimda qolishi uchun harakat qilaman, kelajakdagi loyihalarimda yordamchi bo‘lishlarini xohlayman. Ammo bir xatoni kech tushundim: ularning men bilan umumiy maqsadi bor-yo‘qligini hech o‘ylamagan ekanman. Shuning uchun ham atrofimda o‘sha yagona maqsad uchun yig‘ilgan jamoam yo‘q. Bu esa eng muhim narsa ekan.

Kecha bir tanishim bilan gaplashdim. U rus tili filologiyasida o‘qiydi, hozir ingliz tilini o‘rganayapti, kelajakda esa menejment sohasida ishlamoqchi. Hayron qoldim. Odam hatto o‘z qiziqishlarini ham hali aniqlamagan bo‘lishi mumkin ekan. Va eng ajablanarlisi – hali o‘ziga “Men nimaga qiziqaman? Men nimaga qobiliyatliman?” degan savolni bermagan ekan.

Siz qayerda ekanligingiz, bunga qancha vaqt yoki pul sarflaganingiz muhim emas. To‘xtang. O‘zingizga shu savolni bering:
✅ Nimaga qiziqaman?
✅ Nimaga qobiliyatim bor?
✅ Qaysi ishni qilganimda charchamayman, undan rohat olaman?

Agar hozirgi yo‘lingiz bu savollarga javob bermasa, o‘zgartiring. Hech qachon kech emas. Agar o‘zingiz ham topa olmasangiz, biroz vaqt bering. Uch kun yoki bir hafta. Do‘stlar bilan gaplashing, lekin sizdan manfaatdor bo‘lmagan odamlar bilan. Oilangiz emas. Suhbat qiling. Agar 20 yoshdan oshgan bo‘lsangiz, javobni topasiz.

Hech qachon kech emasligiga misol:
O‘zbekistonning bosh muftiysi Nuriddin domla dastlab tibbiyot institutida o‘qigan. Diniy sohaga esa 28 yoshida kirib kelgan. Bugun esa o‘z yo‘lining yetuk mutaxassisi.

O‘zingizni cheklamang. Agar qobiliyatingiz bo‘lsa, istalgan yoshda o‘sha sohaning eng yaxshisi bo‘lishingiz mumkin.

Muhim nuqta: yillar davomida orttirgan tajriba va ko‘nikmalar qobiliyat hisoblanmaydi. Chunki ularni shakllanishiga oilaviy muhit, moliyaviy sharoit yoki atrofdagilar ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.

Lekin sizning ichingizdagi qobiliyat – bu tug‘ma.
Uni eslashingiz kerak.

#kasb#tanlov#qobiliyat

Yana o'qish mumkin