"Suv ichish" masalasidagi ajoyib paradoks

28 OKTABR 2025 · 2 DAQIQA

💧 “Suv ichish” masalasidagi ajoyib paradoks

Ba’zan eng oddiy masalalar eng murakkab muhokamalarga aylanadi. Masalan — auditoriyada suv ichish.

O‘qituvchi: Dars paytida suv ichish taqiqlanadi. Odob–axloq kodeksida yozilgan, ochib o‘qi.

Birinchi savol: Dars vaqtida suv ichishni to‘liq taqiqlash etikasi qaysi ta’lim standartiga asosan tatbiq etilgan?

Yana bir o‘qituvchi: Dars vaqtida ichmoqchi bo‘lsangiz, maxsus termoslardan foydalaning.

Ikkinchi savol: Demak, aslida suv ichish mumkin, faqat uning tartibi belgilangan, shundaymi?

Dekanat: Suvlar parta ustida turmasin.

Uchinchi savol: Auditoriyada suv ichish uchun maxsus termosdan foydalanish mumkinligini aytishdi. Ammo parta ustiga qo‘yish mumkin bo‘lmasa, uni qayerga qo‘yish kerak?

Prorektor: Auditoriyaga baklajka ko‘tarib kirish mumkin emas — mana, katta qilib yozib qo‘yilgan. Xona axlatga to‘lib ketayotgani haqida talabalar shikoyat qilishmoqda.

To‘rtinchi savol: Auditoriyaga baklajka olib kirish mumkin emas ekan, unda shishali yoki alyuminiy idishlardan foydalansak bo‘ladimi?

Odob–axloq kodeksi:

“Mashg‘ulotlar davomida ovqatlanmaslik, saqich chaynamaslikka, shuningdek shaxsiy kompyuter va boshqa kommunikatsiya vositalaridan faqat pedagog xodim ruhsati bilan foydalanishga...”
(O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy Kommunikatsiyalar Universiteti Odob–axloq kodeksi, 7-bob, 27-modda)

Ushbu kodeks “O‘zJOKU” Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi N. Xodjiniyazova bilan kelishilgan hamda “O‘zJOKU” rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja tomonidan tasdiqlangan.
(Universitet Kengashining 2023-yil 23-avgustdagi 1/5-sonli qarori asosida.)

Ko‘rib turganimizdek, universitetning Odob–axloq kodeksida suv ichishni cheklashga yaqin bo‘lgan yagona modda mavjud. Ammo unda suv ichish yoki uning tartibiga oid hech qanday aniq qoidalar keltirilmagan.

Kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish esa Universitet Kengashi qaroriga binoan amalga oshirilishi belgilangan.
Manba: Odob–axloq kodeksi — 10-bob, 35-modda.

Biroq aynan auditoriyada suv ichish va uni tartibga solish masalasida o‘zgartirish kiritilgani to‘g‘risida Kengash qarori bo‘lgan taqdirda ham, bu haqda talabalarga ma’lumot berilmagan. Bunday holatda o‘zgartirish mavjudligi ham vaziyatni yaxshilamaydi — aksincha, muammoni yanada chuqurlashtiradi, chunki talabalarga hali ham eski kodeks tarqatilgan.

P.S. Aytgancha, “O‘zJOKU”da Odob–axloq kodeksidan tashqari Ichki tartib qoidalari ham mavjud. U “O‘zJOKU” Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi N. Xodjiniyazova bilan kelishilgan (15-dekabr 2021-yil) va “O‘zJOKU” rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja tomonidan tasdiqlangan (13-dekabr 2021-yil).
Lekin ushbu hujjatda ham auditoriyada suv ichish yoki uni tartibga solishga oid hech qanday modda keltirilmagan.

#universitet#qoida#tahlil

Yana o'qish mumkin