Ko‘p urushib qoladiganlarga o‘qish tavsiya qilinadi
31 AVGUST 2026 · 2 DAQIQA
Ko‘p urushib qoladiganlarga o‘qish tavsiya qilinadi.
Maktabda, ishda yoki birorta kafeda o‘tiribsiz, kimdir bilmasdan sizni turtib yuborganmi? Odatda kimdir bilmasdan birovni turtib yuborsa va buni o‘zi sezib qolsa, uzr so‘raydi. Agar bilmay qolsa, vaziyat umuman boshqa tarafga qarab o‘zgarishi mumkin.
Tasavvur qilib ko‘ring. Turtib yuborganida uzr so‘rasa-ku, masala tugaydi. Agar uzr so‘ramasa, boshlanadi hammasi. Birinchi ehtimolda, va aksariyat hollarda, u odamga turtib yuborgani haqida aytasiz va u uzr so‘raydi. Chunki bilmay qolib turtib yuborgan-da.
Lekin buni o‘ziga aytmasangiz, boshlanadi haqiqiy ong ostidagi urush. “Nima uchun turtdi? Kichkina ko‘rdimi? Mensimadimi? Qo‘rqmadimi? Nimaga beparvolik qiladi? Birovning bolasi bo‘lsam, beshigimni tebratganmi?” Aslida u aksariyat holatda buni xohlamagan ham, ataylab ham qilmagan bo‘lib chiqadi. Shunchaki bilmay qolgan, shu uchun uzr so‘ramadi. Siz esa ogohlantirdingiz va vaziyat oydinlashdi.
Endi tasavvur qiling. Kimdir – yaqiningiz, do‘stingiz, ayolingiz, kim bo‘lsa ham – sizga noqulaylik tug‘dirdi. Xuddi yuqorida kimdir sizni turtib yuborgani kabi. Bu noqulaylik gap bilan, harakat bilan, xarakter bilan, moddiy yoki ma’naviy bo‘lishi mumkin. Bu tug‘dirgan noqulaylik sizning jahlingizni chiqarishi, nafsoniyatingizga tegishi, haqoratdek tuyilishi ham mumkin.
Bunday paytda ikki xil holat bo‘ladi: u buni anglagan holda qildi yoki bilmasdan, tasodifan qildi. Tasodifan bo‘lishi ham tabiiy. Chunki siz nimani o‘ylayapsiz, nima sizga ayni paytda yoqadi, qanday narsani qachon “okay” deb qabul qilasiz – sizdagi mavjud holat yoki vaziyatni hatto eng yaqin bo‘lgan ota-onangiz yoki ayolingiz ham bilmasligi mumkin.
Biz esa, g‘oliban, bunday vaziyatlarda bu haqda o‘zidan so‘ramaymiz, gaplashmaymiz, nima uchun bunday qilgani, maqsadi qanday ekanligi haqida o‘ylab ko‘rmaymiz, osongina hafa bo‘lamiz yoki aloqalarni uzamiz.
Men o‘zim o‘ntasi bilan urushgan bo‘lsam, kamida to‘qqiztasi bilan shu xatoni qilganim, gaplashmaganim va so‘ramaganim uchun begona bo‘lib ketganman.
O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: tasodifan turtib ketgan odamni o‘ziga bir og‘iz indamasdan, uning o‘zi ham sezmagan narsasi uchun aybdor qilish qanchalik absurd bo‘lsa, yuqoridagi holatda birovdan bunday narsa uchun ranjish ham shunchalik absurd hisoblanadi – kamida gaplashib ko‘rmagunicha.
Avvalo, o‘zimiz tutib olgan noto‘g‘ri yo‘l tufayli yaqinlarimiz yoki do‘stlarimizni yo‘qotishimizning o‘zi bir xato bo‘lsa, bu orqali ulardan ranjishimiz, ehtimolan, o‘zlari bilmagan narsa uchun bo‘lsa, ikki karra xato hisoblanadi.
Ko‘p narsa talab qilinmaydi. Shunchaki ikki og‘iz suhbat va maqsadini so‘rash.
Avvalo, ongli ravishda sizni kamsitmoqchi yoki yerga urmoqchi bo‘lgan odam, siz so‘raganingizda orqasidan uzr so‘rab o‘tirmaydi. Ongli ravishda qildi, deylik. Siz so‘raganingizda o‘zini oqlayaptimi – demak, kimdirsiz unga, yoki pushaymon, yoki unchalik ham ta’sir qilmaydi deb o‘ylab qilgan bo‘ladi buni. Ikkala holatda ham bu sizning foydangizga ishlaydi.
Bu yerda istisno shuki, agar bu holat surunkali davom etsa, unda bu masalani chuqurroq ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Chunki bu endi holatning boshqa tarafini ochib berishi mumkin. Bu vaziyat yuqoridagi keyslarga to‘g‘ri kelmaydi.