Bir stereotip bor
16 IYUN 2024 · 1 DAQIQA
Bir stereotip bor, agar buni stereotip deb atash mumkin bo'lsa.
Birovga bir yaxshilik qilib, tuzukroq minnatdor ham bo'lmagani uchun inson sifatida hafa bo'lsang, senga yaxshilik qilmaslikni o'rgatishadi, u odamga rahmat aytishnimas.
Birovni gapiga yoki qilgan ishiga yarasha qattiq gapirsang, o'zingni bosmaganlikda yoki emotsiyaga berilganlikda yana seni ayblashadi, unga borib qilgan ishi yoki gapi noto'g'riligini tushuntirib o'tirishmaydi.
Birovni yoki biror narsani ko'proq yaxshi ko'rib, voz kechmasang, tiklashga urinsang, "suymaganga suykalma" degandek muomala qilishadi.
Qadr-qimmat, mehr-oqibat, do'stlik, birodarlik, yaqinlik shunaqanggi bir tiyin bo'lib ketgan-ki, yuzingga qarab, foydang tekkani uchungina aloqa qilayotganliklarini va faqat foydang kerakligini "nagliy" yuzingga aytishadi.
Zamon shunaqa holatga keldi-ki, atrofing soyaga aylandi. Yuz o'girsangina ortingdan yurishadi. Yuz o'girgani ko'zing qiymaydi, ular taraf yursang hech yetolmaysan.
Kattalar shunaqa davrlarni qiyomat yaqinligining alomati deyishadi.
Inson, charchab qolarkan ba'zida, ayrim ishlar uchun faqat o'zi harakat qilaversa charchab qolarkan. Qolganlarni harakatga chorlasang, yoki yomon ko'rishadi yoki chetlatishadi. Xotirjamlikni buzayotganing, komfort zonasidan chiqarishga uringaning sabab bo'lsa kerak.
Qisqa qilib aytganda, hayotda shunaqa qonun bor ekan. Voz kechsang, o'zingni tortsang, yordam qilmasang qadrlisan, voz kechmasang, demak kecha olmayabsan, bir manfaating bor, nimanidir ko'zlayabsan, yoki boshqa yo'ling yo'qdek muomala qilishadi.
Shuncha demotivatsiyani yo'q qilib, insonga kuch-g'ayrat beradigan faqat bitta narsa bor, qachondir tushunishadi yoki eng oxirida tushuntiriladi!
Bu kuchni topish uchun inson Allohini tanishi, ishonishi, va doim tavakkulda bo'lishi lozim. Bir ishinggiz uchun mukofotlanmayotgan bo'lsangiz xursand bo'ling, Alloh eng yaxshisini oxiratga olib qo'yayotgan bo'ladi.
Bo'ysungan bandalar ibodat qilur,
Alar oxiratga imorat qilur,
Noumid bo'lmagin, agar pok bo'lsang,
Ka'ba kelib seni ziyorat qilur!
Hayit ayyomingiz muborak bo'lsin do'stlar, bayramni yaxshi o'tkazinglar!
Ps. Hamma faqat ko'chirma tabriklar yo'llayapti qarasam, boshqacharoq yondashgim keldi.